
To‘liq ta’lim granti — bir o‘quv yili uchun berilib, o‘qitish xarajati Davlat budjetidan to‘liq qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanadigan ta’lim granti.
To‘liq bo‘lmagan ta’lim granti — bir o‘quv yili uchun berilib, to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi Davlat budjetidan qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanmaydigan ta’lim granti.
Qo‘shimcha davlat granti — oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat yo‘nalishlarida muayyan o‘quv yili yakunida GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori bo‘lgan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi belgilagan toifadagi talabalarning navbatdagi o‘quv yili uchun o‘qitish xarajati Davlat budjetidan to‘liq qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanadigan grant.
Oliy ta’lim tashkiloti granti — moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriat yo‘nalishlarida tahsil oluvchi belgilangan toifadagi talabalarning GPA ko‘rsatkichi 3,3 dan 4 gacha bo‘lganda, navbatdagi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt summasining 20 foizdan 80 foizgacha bo‘lgan qismini ushbu tashkilotning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplaydigan grant.
Moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlari har yili budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘mgacha oliy ta’lim tashkiloti grantini taqdim etadi.
GPA ko‘rsatkichiga qarab qoplanadigan ulush quyidagicha belgilanadi: 3,3–3,39 da to‘lov-kontrakt summasining 20 foizi; 3,4–3,49 da 30 foizi; 3,5–3,59 da 40 foizi; 3,6–3,69 da 50 foizi; 3,7–3,79 da 60 foizi; 3,8–3,89 da 70 foizi; 3,9–3,99 da 80 foizi.
Grant taqsimoti bo‘yicha qo‘shimcha hujjatlar — 1-bosqich grant taqsimoti va 2-bosqich grant taqsimoti — universitet sayti orqali e’lon qilingan.