Ta’lim grantlari
Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim grantlarini taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi (Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qarori) va universitetning grant taqsimoti jadvallari.

Grant turlari
To‘liq ta’lim granti — bir o‘quv yili uchun beriladi; o‘qitish xarajati Davlat budjetidan to‘liq qoplanadi va umumiy tartibdagi stipendiya to‘lanadi.
To‘liq bo‘lmagan ta’lim granti — bir o‘quv yili uchun beriladi; to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi Davlat budjetidan qoplanadi, umumiy tartibdagi stipendiya to‘lanmaydi.
Qo‘shimcha davlat granti — bakalavriatda o‘quv yili yakunida GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori bo‘lgan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi belgilaydigan toifadagi talabalarga navbatdagi o‘quv yili uchun beriladi; o‘qitish xarajati Davlat budjetidan to‘liq qoplanadi va umumiy tartibdagi stipendiya to‘lanadi.
Oliy ta’lim tashkiloti granti — moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkiloti bakalavriatda tahsil olayotgan belgilangan toifadagi talabalarga GPA ko‘rsatkichi 3,3 dan 4 gacha bo‘lganda beradi: navbatdagi o‘quv yili to‘lov-kontrakt summasining 20 foizdan 80 foizgacha bo‘lgan qismi tashkilotning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi (har yili 1 mlrd so‘mgacha).
GPA 3,3–3,39 — to‘lov-kontrakt summasining 20 foizi; 3,4–3,49 — 30 foizi; 3,5–3,59 — 40 foizi; 3,6–3,69 — 50 foizi; 3,7–3,79 — 60 foizi; 3,8–3,89 — 70 foizi; 3,9–3,99 — 80 foizi.