“Kelajakka qadam” markazi
O‘zmilliybank bilan hamkorlikda faoliyat yurituvchi markaz: bitiruvchilarimizning tadbirkorlik loyihalari va talabalar hamda yoshlar uchun imtiyozli kredit mahsulotlari.

Bo‘limlar


Markaz haqida
“Kelajakka qadam” markazi universitetda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki (O‘zmilliybank) bilan hamkorlikda 2025-yil may oyida ochilgan. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 61-son qarori asosida bitiruvchilarning mehnat bozoriga kirishini va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Prezidentning 2026-yil 1-iyundagi “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-210-son qarori bilan dasturning navbatdagi bosqichi boshlandi: O‘zmilliybank “Kelajak tadbirkorlari” loyihasi doirasida biznes g‘oyasini amalga oshirmoqchi bo‘lgan 31 yoshga to‘lmagan talaba va yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratadi. Qaror 2026–2028-yillarda 300 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olish va 100 mingga yaqin qo‘shimcha ish o‘rni yaratishni maqsad qilgan.
Markazning ikki bo‘limida — bitiruvchilarimiz amalga oshirgan tadbirkorlik loyihalari va talabalar hamda yoshlar uchun kredit mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar muntazam yangilab boriladi.
Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari
- Biznes g‘oyalarini rivojlantirish — bitiruvchi bosqich talabalari o‘z loyihalarini tayyorlash va moliyalashtirishda qo‘llab-quvvatlanadi.
- Ishga joylashish — bitiruvchilar va quyi bosqich talabalari uchun sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkaziladi, g‘oliblar ish bilan ta’minlanadi.
- Kasbiy tayyorgarlik — yirik korxonalar bilan hamkorlikda individual kasbiy ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi.
- Amaliyot va xalqaro tajriba — ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim muassasalarida qisqa muddatli kurslarda qatnashish imkoniyati yaratiladi.
Bitiruvchilar bilan uchrashuv
2026-yil mart oyida universitetda bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Samarqand viloyat Bosh boshqarmasi boshlig‘i Pardaev Xurshid Sanokulovich, “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Sh. P. Jumaqulov, “Biznesni rivojlantirish banki” Samarqand viloyat filiali raisi Po‘latov Otabek Sharofiddinovich, “Sanoatqurilishbank” ATB Samarqand mintaqaviy filiali rahbari Qudratov Bekmirzo Inotulloyevich, “Kelajakka qadam” markaziga biriktirilgan “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyat boshqarmasi xodimi Temurbek Tirkashev hamda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Mirolim Shodmonqulov ishtirok etdi.
Tadbirda “Kelajakka qadam” markazi faoliyati va Prezident qarorlarining mohiyati tushuntirildi. Uchrashuv yakunida talabalarga dasturda ishtirok etish tartibi va zarur hujjatlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbirlardan lavhalar







Videolavhalar
O‘zmilliybankning “Talaba Expo-2025” kasb ko‘rgazmasi va mehnat yarmarkasi hamda markaz faoliyati — universitetning YouTube kanalida.





Markaz yangiliklari


Bog‘lanish
Kredit mahsulotlari bo‘yicha savollar bilan O‘zmilliybankka murojaat qiling.