
3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar texnikumida turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan 180 nafar nogironligi bo‘lgan o‘quvchi hamda texnikum pedagoglari Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat texnika universitetiga tashrif buyurdi.
Tadbir doirasida texnikum o‘quvchilari universitetning ilmiy-ma’rifiy muhiti, auditoriyalari, laboratoriya va o‘quv ustaxonalari hamda zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida ular bilan talabalar dekanati xodimlari, universitet psixologi, fakultet tyutorlari hamda Axborot-resurs markazi mutaxassislari uchrashib, maxsus ma’ruza va ma’rifiy suhbatlar tashkil etildi.
Uchrashuvda universitet vakillari yoshlarning qiziqishlari, kelgusidagi rejalari va kasb tanlash jarayonida uchraydigan savollariga javob berdi. Shuningdek, bo‘lajak talabalarga taqdim etiladigan qulayliklar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘quvchilar Axborot-resurs markazidagi adabiyotlar, elektron kutubxona va ta’limga oid raqamli imkoniyatlar bilan ham tanishdi. Ular uchun universitet hayoti, talabalik muhitining o‘ziga xos jihatlari, ilmiy innovatsiyalar va ijodiy loyihalar haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Katta faollar zalida tashkil etilgan qiziqarli viktorinalar hammaga birdek manzur bo‘ldi. Art-terapiya mashg‘ulotida ishtirok etgan o‘quvchilar va tadbirda faol qatnashganlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Texnikum pedagoglari ham universitet professor-o‘qituvchilari bilan kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida fikr almashdi.