
Samarqand davlat texnika universitetida Xitoyning SUS Environment kompaniyasi 2026-yil bitiruvchilarini ishga qabul qilish va xorijiy amaliyot dasturlarini tashkil etish maqsadida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, atrof-muhit muhandisligi, muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi va montaji, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini loyihalashtirish va ekspluatatsiyasi hamda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
SUS Environment kompaniyasi chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida loyiha ishlab chiqish, qurilish, ekspluatatsiya va modernizatsiya bo‘yicha ilg‘or tajribaga ega. Samarqandda “SUS Environment Samarkand” yangi zavodining qurilishi boshlangan: loyihaga 150 million AQSh dollari investitsiya kiritilgan, kunlik quvvati 1 500 tonna chiqindini yoqish, yillik ishlab chiqarishi 240 million kVt·soat elektr energiyasi, qurilish maydoni 15 gektar. Zavod 150–200 ta yangi ish o‘rni yaratadi va 2025–2027-yillarda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Tadbirda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Shodmonqulov, Qurilish fakulteti dekani J. Suyunov, 12 nafar professor-o‘qituvchi hamda 350 ga yaqin bitiruvchi qatnashdi. SUS Environment delegatsiyasi tarkibida bosh direktor Yao Qihao, loyiha boshqaruvchilari Gan Yu va He Qiude, hujjatlar bo‘yicha mutaxassislar Gao Xiaoyan, Munire va Chorlik hamda kadrlar tayyorlash mutaxassisi Xiao Demian bor edi.
Uchrashuv yakunida kompaniyada ishlash istagini bildirgan 93 nafar bitiruvchi suhbatdan o‘tdi. 2026-yilning birinchi choragida saralangan 40 nafar talaba Xitoyga amaliyotga yuborilishi rejalashtirilgan.