
Avval xabar berganimizdek, universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz universitetda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, uning faoliyatini xalqaro tajribalar asosida rivojlantirish maqsadida ayni vaqtda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarini davom ettirmoqda.
2025-yil 19-may kuni rektor Liaoning provinsiyasida joylashgan Shimoliy-sharqiy universitetga tashrif buyurdi. Tashrif davomida tashkil etilgan tantanali qabul marosimida Shimoliy-sharqiy universitet rektori Dr. Feng Xiating bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish, professor-o‘qituvchilarning stajirovkalarini tashkil etish, talabalar almashinuviga erishish, ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, mahalliy va xalqaro grantlarda ishtirok etish bo‘yicha muhokamalar olib borildi.
Uchrashuv so‘ngida ikkala oliy ta’lim muassasasi hamkorligi ko‘lamini kengaytirish, amaldagi olib borilayotgan ilmiy va akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida universitetlar o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.