
O‘zbekiston–Tojikiston oliygohlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan, M. Osimi nomidagi Tojikiston texnika universiteti talabalarining akademik mobilligi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat texnika universitetida yo‘lga qo‘yildi. 2025-yil 5-mart kuni 5 nafar tojikistonlik talaba bahorgi semestr davomida tahsil olish maqsadida universitetga tashrif buyurdi.
Shu munosabat bilan universitet rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektor Juramirza Qayumov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Mirolim Shodmonqulov, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Sherzod Uzoqov, Qurilish fakulteti dekani Javlon Suyunov, Arxitektura kafedrasi mudiri Laziz Rahimov, Registrator ofisi boshlig‘i Maftun Uzboyev, akademik mobillik bo‘yicha mas’ul Sobir Hamroyev va profilaktika inspektori Timur Karimov ishtirok etdi.
Uchrashuvda xorijiy talabalar uchun mahorat darslari, amaliy mashg‘ulotlar, zarur auditoriyalar va materiallar bilan ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularga Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirish masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida talabalarga o‘qishda muvaffaqiyat tilanib, universitet esdalik sovg‘alari topshirildi.