
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida 26–28-noyabr kunlari mamlakatimiz agrar sohasining eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri — “AgroExpo Uzbekistan–2025” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada dunyoning 20 ta davlatidan kelgan, 220 dan ortiq ilg‘or brendni taqdim etuvchi 180 ta kompaniya o‘z mahsulot va yechimlarini namoyish qildi. Tadbirda traktorlar, kombaynlar, paxta terish mashinalari, aqlli texnikalar, dronlar, tomchilatib sug‘orish tizimlari, intensiv bog‘dorchilik texnologiyalari hamda issiqxonalarni boshqarishning smart tizimlari ko‘rsatildi.
Ko‘rgazmada universitetimiz vakillari ham o‘zlarining istiqbolli loyihalari bilan faol ishtirok etdi. SDTU pavilyoniga xorijiy va mahalliy tashkilotlar vakillari qatori O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham tashrif buyurdi.
Mehmonlarga universitetda amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar va xalqaro investitsiya yo‘nalishidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.