
2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bo‘yicha my.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqildi.
Arizalarni ko‘rib chiqish natijasida ko‘plab murojaatlar turli sabablarga (tanlangan mutaxassislik bitiruvchining ta’lim yo‘nalishiga mos yoki turdosh emasligi, so‘ralgan hujjat o‘rniga boshqa hujjat yuklangani yoki to‘liq yuklanmagani, yuklangan hujjatlarning sifatsizligi va boshqalar) ko‘ra rad etilgan.
Shuni inobatga olib, my.edu.uz tizimi orqali magistraturaga o‘qishga kirish uchun ariza yuborgan va kamchiliklar mavjudligi sababli arizasi rad etilgan talabgorlarga 11–12-avgust kunlari arizalarini qayta tahrirlash imkoniyati yaratildi.
Ushbu muddatdan so‘ng tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi va kamchiliklar bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Muhim eslatma: xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat talab darajasida bo‘lmaganligi sababli rad etilgan arizalarni tahrirlash tavsiya etilmaydi — bunday holatda qayta tahrirlangan arizalar ham ko‘rib chiqilmaydi.